Farg‘ona viloyatining Furqat tumani hokimligi prezident Shavkat Mirziyoyevning tumandagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasiga tashrifi paytida hunarmand bo‘lib ko‘ringan o‘qituvchi haqidagi xabarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimligi mas’ullari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berish maqsadida viloyatda faoliyat yurituvchi jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan.

“Ilhomjon Sulaymonov mehnat fani o‘qituvchisi bo‘lgan. Hozirda tumandagi 21-maktabda direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida 0,75 stavkada faoliyat yuritadi. Uzoq yillardan beri o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi. Tushdan keyin maktab ishlaridan ortib ‘Usta Yusufjon naqqosh’ oilaviy korxonasida usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi. 10 nafar shogird biriktirilgan”, — deydi hokimlik mas’ullari vaziyatni izohlar ekan.

“Daryo” muxbirining qo‘shimcha qilishicha, hokimlik prezidentning Farg‘onaga tashrifi paytida hunarmand bo‘lib ko‘ringan shogird aslida hokim haydovchisi bo‘lib chiqqani haqidagi ma’lumotni izohlamagan.