Algoritm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Algoritm – berilgan natijaga erishish uchun qilinishi kerak boʻlgan aniq koʻrsatmalar ketma-ketligi. Algoritm keng maʼnoda faqat kompyuterga oid atama boʻlmay, balki unda berilgan koʻrsatmalarni bajara oluvchi har qanday narsaga oiddir.

Algoritm, algoritm – maʼlum bir turga oid masalalarni yechishda ishlatiladigan amallarning muayyan tartibda bajarilishi haqidagi aniq qoida (dastur). Kibernetika va matematikaning asosiy tushunchalaridan biri. Oʻrta asrlarda oʻnli sanoq tizimi boʻyicha toʻrt arifmetik amal bajariladigan qoidani Algaritm deb atashgan. "Bu qoidalarni matematikaga 9-asrda al-Xorazmiy tomonidan kiritilgan. Yevropada bunday qoidalar uning tug'ilgan yurtiga nisbatan lotinchalashtirilgan (Algoritmus yoki Algorithmus shaklida "algorizm" deyilgan), keyinchalik "algoritm"ga aylangan" (akademik A. N. Kolmogorov). Fanga "Yevklid algoritmi", "Gʻiyosiddin Koshiy algoritmi", "Laure algoritmi", "Markov algoritmi" deb ataluvchi algoritmlar maʼlum. Algoritm tushunchasi tobora kengayib borib, kibernetikaning nazariy va mantiqiy asosi hisoblangan algoritmlar nazariyasi paydo boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasida bir necha ilmiy tadqiqot muassasalari va hisoblash markazlarida Algoritmdan foydalanish sohasida samarali ishlar olib borilmoqda. Masalan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi "Kibernetika" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida, Oʻzbekistondagi barcha universitetlarda, Toshkent davlat texnika universitetida, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisod va statistika vazirligi qoshidagi Hisoblash markazi va boshqa muassasalarda olib borilayotgan ishlar bunga misol boʻla oladi.[1]

Atama tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Algoritm" atamasi mashhur matematik, yurtdoshimiz Al-Xorazmiy nomi bilan bogʻliq boʻlib, uni lotinlashtirilishidir. Bizga maʼlum boʻlgan eng qadimiy algoritm bu Yevklid algoritmidir. Algoritmlar nazariyasi, ayniqsa, XX asrda juda rivojlanib, u bilan Tyuring, Post, Chyorch, Viner, Markov, Kolmogorov kabi yuksak olimlar shugʻullanishgan.

Algoritm xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Aniqlik(deterministik) – har bir vaqtda algoritmning keyingi qadami uning mazkur holati bilan toʻliq aniqlanadi.
  • Tushunarlilik – algoritm faqat uni bajaruvchisi uchun tushunarli buyruqlardan iborat boʻlishi shart.
  • Yakunlanishi – algoritm albatta chekli qadamdan soʻng yakunlashishi lozim.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil